TAF!21 uchinchi Toshkent reklama festivali tanlovga ishlarni qabul qilmoqda

16 Август, 2021

TAF!21 Toshkent reklama festivali – O‘zbekistondagi yagona reklama bayrami – bu yil 8-9-oktyabrda yangicha formatda o‘tkaziladi.

1-sentyabrga qadar TAF!21 har yilgi eng yaxshi reklama tanloviga arizalar qabul qilinadi. Joriy yilda tanlov samarali marketing kommunikatsiyalari mavzusiga bag‘ishlanadi.

O‘tgan ikki yil davomida TAF!21 festivalida 105 ta kompaniya ishtirok etdi, 23 nafar chet ellik va mahalliy hay'at a'zosi va ma'ruzachi reklama konferensiyasining 1400 dan ziyod ishtirokchisi oldida chiqish qildi. Tanlov 35 ta nominatsiya va 4 ta kategoriya bo‘yicha o‘tkazildi, g‘oliblarga 78 ta mukofot topshirildi.

Bu yil mutlaqo yangi format e'lon qilindi. Tashkilotchilar urg‘uni brendlarning iste'molchilar bilan samarali reklama kommunikatsiyasiga berdilar va tanlovga qo‘yilgan keyslar – bu muvaffaqiyatli marketing loyihalari bo‘ldi.

TAF!21 festivali tashkilotchisi Diyor Mirzaahmedov:

“Ikki yil ichida tanlov yetakchi kreativ agentliklar uchun yaxshigina platformaga aylandi, ammo brendlar va reklama bozorining salmoqli qismi hali-hanuz tanlov va reklamaning bir lahzalik emas, balki butun biznesning rivojlanishiga turtki sifatidagi amaliy foydasini to‘liq tushunmay, jarayonni chetdan kuzatib kelmoqdalar.

Holbuki, brend kommunikatsiyasi bugungi kunda brend qadr-qimmatiga salmoqli ta'sir ko‘rsatuvchi jihat sanaladi. Oxirgi paytlarda ko‘pchilik buni yaqqolroq tushunmoqda. Shu sababli, biz birinchi bor iste'molchilar bilan samarali muloqotning ahamiyati haqida, ularga hurmat va muhabbat, reklama kommunikatsiyalaridagi professionalizm va natijaviylik to‘g‘risida so‘zlovchi tanlovni o‘tkazishga qaror qildik. Bu tanlov – iste'molchi bilan samarali kommunikatsiya va iste'molchilar brenddan qanday foyda olishlari to‘g‘risida.

Biz o‘z iste'molchilarini hurmat qiladigan va ular bilan muloqotga jiddiy yondashadigan brendlarni, ushbu muloqotni ajoyib tarzda, ijodiy yondashuv bilan amalga oshirishda brendlarga yordam beruvchi agentliklarni, brendlar bilan muloqotdan foyda ko‘ruvchi iste'molchilarni TAF!21 tanlovida qatnashishga taklif etamiz!”

Yaxshi reklama biznesni rivojlantiradi. Yaxshi reklamaning o‘zi nima? U qanday ishlaydi? Iste'molchilarni harakatga undaydimi? To‘g‘ri tanlov qilishga yordam beradimi?

marketing.uz saytida eng faol va muvaffaqiyatli brendlarning tanlovga taqdim etilgan keyslarini ko‘rib, siz bu va boshqa ko‘plab savollarga javoblar topasiz!

Tanlovda 10 ta nominatsiya mavjud. Ular sirasida: yangi mahsulotni yo‘lga qo‘yish, mashhur shaxslar ishtirokida reklama kampaniyasi, SMM, rebrending va boshqalar.

G‘oliblarni 45 nafar ekspert-marketolog va yurtimizdagi mashhur brend hamda agentliklar rahbarlari aniqlaydi. Birinchi bor parallel ravishda iste'molchilarning Telegram-botda ovoz berishi o‘tkaziladi, unda allaqachon 300000 dan ortiq iste'molchi ro‘yxatdan o‘tdi.

G‘oliblar ekspertlar va iste'molchilar o‘rtasida ovoz berish natijalariga ko‘ra alohida-alohida tanlanadi. Har bir nominatsiyada ekspertlar oltin, kumush va bronza bilan taqdirlasalar, iste'molchilar nominatsiya g‘olibini ko‘rsatadilar. Shuningdek, tanlovda maxsus mukofotlar ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning sovrindorlarini ekspertlar hay'ati aniqlaydi.

Ovoz berish natijalari 9-oktyabrda TAF!21 uchinchi Toshkent reklama festivali doirasida o‘tadigan tantanali Taqdirlash marosimida tanlov g‘oliblari rasman e'lon qilingandan keyin, https://marketing.uz/ saytida e'lon qilinadi.

Tanlov har bir brend, har qaysi agentlikni kutadi! Hayotimizni qulayroq, shinamroq qilayotganlarni va buni maksimal darajada samarali yetkazishga intilayotganlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Tanlov reglamenti bilan tanishish va tanlovga ishlarni taqdim etish uchun https://marketing.uz/uz/taf2021-eng-yaxshi-reklama-tanlovi/ saytiga tashrif buyurishingiz mumkin.

Festival tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, O‘zbekiston Marketing uyushmasi.