Kreativ qayerda yashaydi: applikatsiyalardan tortib marketing agentligigacha

16 апреля, 2025

Bir paytlar kichkina Aleksandra ijodiy g‘oyalarni hayotga tatbiq etishni yaxshi ko‘rardi.





Yillar o‘tdi va ijodkor ishtiyoqi krerativ yechimlarga ega agentlikda o‘z aksini topdi.

"Ba’zida mening g‘oyalarim kutilmagan va g‘ayrioddiy bo‘ladi. Hamma qilgan g‘oyalarni takrorlash (ko‘pincha shunday qilishadi) men uchun emas. Men haqimda bilishingiz kerak bo‘lgan birinchi narsa shu bo‘lsa kerak. Ikkinchidan, men maksimal darajada jon kuydirib ishlayman. Xatoni yo‘q joydan ham topaman. Yechimini qilaman. Yaxshilayman. Yo‘nalishni aniqlab berayotganlar orasida bo‘lishni istayman. Jamoani esa qadriyatlarim men bilan o‘xshash odamlardan yig‘aman," - deydi "Jeday Media" marketing agentligi asoschisi va direktori Aleksandra Klimova.

Aleksandraning aniq qadriyatlari mavjud. Uning maqsadi nafaqat loyihalarni amalga oshirish, balki zarur bo‘lsa, mijozga marketing qanday ishlashini ham tushuntirishdir. Qadriyatlardan biri: mijozni tinglash va tushunish, u qanday o‘ylashi, his qilishi va faoliyat yuritayotganini anglash. Natijada esa mijozning his-tuyg‘ulariga "Jeday Media" yaratadigan kreativlik bilan javob beriladi.

"Bolaligimdayoq hikoyalar yaratishni xohlashimni tushunganman. Brending esa - bu tarix. Bu ham jismoniy, ham ruhiy, ham psixologik, ham intellektual qobiliyatlarni talab qiladi... Bu savollarimga javoblar. Brend nima uchun mavjud? U qayoqqa ketyapti? U qaysi ovozda gapiryapti? Uning missiyasi nima?," - deydi qahramonimiz.

Qahramonimizning professional hikoyasi jurnalistika bilan boshlangan. U KREATIV MAGAZINE onlayn nashrini ochadi. O‘zi. Noldan. Jamoa va ommaviy axborot vositalari Rossiyada joylashgan edi. Bu nashrda musiqa, kino va yulduzlar haqida yozishar edi. Bu loyiha orqali Aleksandra ko‘p narsani o‘rgangandi: xatolardan tajriba orttirdi, yangi narsalarni sinab ko‘rdi va biznesini o‘zining nogironlik nafaqasiga ko‘tarishga harakat qildi. Loyiha deyarli daromad keltirmadi va 4 yildan so‘ng uni do‘stiga sovg‘a qildi, agar sotilsa, shunchaki pulning bir qismini berishini so‘radi. Marketingda birinchi tajriba. Birinchi muvaffaqiyatsizlik. Ularsiz qayerga ham borardik. Shundan so‘ng u asosiy e’tiborini masofaviy ish topishga qaratdi. . Yo‘q, u ofisda ishlagisi kelardi… Shunchaki uni olishmas edi. Bolaligida yuvenil-revmatoid artrit bilan og‘rigan Aleksandraning bo‘g‘imlari jiddiy shikastlangan edi. Hech kim qo‘shimcha ehtiyojlari bo‘lgan odamni ishga olishni xohlamasdi. Masofadan ishlash esa o‘sha paytda Toshkentda trendda emas edi. U work.uz’da ro‘yxatdan o‘tadi, barcha tashkilotlarga qo‘ng‘iroq qiladi. Biroq, bularning hech biri samara bermaydi. Keyin esa u ketma-ket barcha bo‘sh ish o‘rinlariga javob bera boshlaydi.

"Bir kuni menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Ular mening rezyumeyimga qiziqish bildirishganini va suhbatda kutishayotganini aytishdi. Men o‘z ahvolimni umidsiz va juda passiv tarzda so‘zlab berdim. Ammo, bu safar menga rad javobini berishmadi. Shunday qilib, 27 yoshimda marketing agentligidagi faoliyatim boshlandi. O‘shanda men hatto SMM nimaligini ham to‘liq tushunmasdim. Lekin rozi bo‘ldim, chunki pul juda zarur edi. Mendan qanday maosh kutayotganimni so‘rashdi. Men bir million so‘mga farq qiladigan ikki xil summani aytdim. Tabiiyki, menga kamrog‘ini to‘lashardi. Dastlab, jurnalist bo‘lganim uchun birinchi sotuv postlarim maqolalarga o‘xshab ketardi. Shuning uchun qisqa muddatda o‘z sohamni o‘rganishga kirishdim. Boshida juda ishim ko‘p tahrirlardi, g‘oyalarim qabul qilinmas va bundan xafa bo‘lar edim. Yana ozginadan keyin ishdan haddan tashqari charchab ketdim. Lekin, o‘zimni qo‘lga oldim. Marketing va SMMga maksimal darajada kirishib ketdim. Shu tariqa nafaqat bilimim, balki jamoadagi qadrim, maoshim ham oshdi. Men jon-jahdim bilan ishladim, perfeksionist ekanligim yodingizdami? Yelkamdagi yuk juda katta edi. Ba’zan kechasi soat 12 gacha o‘tirardim. SMMdan tashqari, logotip tushunchalari, firma uslublari tavsifi bilan shug‘ullana boshladim va saytda blog yuritdim. SMM bo‘yicha amaliyotchilarni o‘qitdim va qo‘llab-quvvatladim. Haddan tashqari charchab ketardim. Va oxir-oqibat, o‘z salohiyatimni yanada yorqinroq ochish uchun ketdim. Shunday qilib, oddiy xodim sifatida ish tajribasiga ega bo‘lgach, men o‘z marketing agentligimni ochish haqida o‘ylab qoldim," - deb eslaydi Aleksandra.

U kompaniya qiyin vaziyatda qolganida ishdan bo‘shab ketdi. Bu hali ham unga ta’sir qiladi. Toshkentdagi marketing sohasida yetarlicha taniqli bo‘lgan katta hamkasblar doim u uchun birinchi o‘qituvchilar bo‘lib qolishadi. Asosiy xodimga aylandi, rahbarlik tajribasini orttirdi, endi esa u yangilik yaratishi kerak edi. O‘ziniki bo‘lgan, o‘sha paytdagidan ham kreativroq yangilik.

"Jeday Media" ikki motivatsiya - pul topish va odamlarga brend yaratishda yordam berish maqsadlari ustiga qurilgan. Dadil va yorqin.

"Men intellektual sarkazm doirasidan chiqmayman, lekin jasoratli bo‘lishdan qo‘rqmayman. Tan olaman, menga xayp bo‘ladigan g‘oyalar yoqadi, masalan, "руки загребуки" (Ozon reklamasida ishlatilgan g‘oya). Hozir biz mijoz uchun marketing strategiyasini ishlab chiqmoqdamiz va ochilish marosimi uchun shunday bir narsani o‘ylab topdik. Barcha kartalarni ochib o‘tirmayman, lekin misollar keltiraman: "Yo tavba! Olish kerak!," "Bizda jingalak. Tabiatan sochlari to‘lqinsimon qizlarga chegirma..." Men hamma ham shunday qilishi kerak demoqchi emasman, faqat eslatib qo‘ymoqchiman - O‘ZINGIZNI NAMOYON QILISHDAN QO‘RQMANG. Mana, bizning mahalliy kiyim-kechak brendimiz (nomini aytmayman) yangi sarafanlar liniyasini reklama qilib, "100% paxta. Yumshoq, ipaksimon, juda sifatli gazlama, lekin choyshablar uchun ishlab chiqarilgan. Rostini aytsak, biror joyda choyshab, yostiq jildi yoki ko‘rpa bilan qo‘shilib ketish ehtimoli bor." Brend unga telbalarcha qarashlaridan qo‘rqmaydi. U ochiq, shaffof va oddiy. U o‘z iste’molchisi bilan do‘st kabi muloqot qiladi. Xulosa qilib aytaman: xalqqa yaqinroq va kreativ bo‘lish kerak. Shundagina siz haqingizda gapirishadi," - deb misol keltiradi Aleksandra jasmin choyini ichayotib.

Bosib o‘tgan yo‘li boshiga qaytib qolsa, u yoshlikdagi o‘ziga yanada dadilroq bo‘lishni maslahat bergan bo‘lardi. O‘shanda yosh Aleksandra o‘z xizmatlari narxini aytishga qo‘rqardi. Qo‘rquv paydo bo‘lardi. Yo oz pul aytasiz, yoki tekinga bajarasiz. Go‘yo sizning ishingiz oddiy va uni boshqalar ham qila oladigandek tuyuladi, lekin unday emas. Qahramonimiz hammani o‘z mehnatini qadrlashga va xizmatlari uchun narxni aytishdan qo‘rqmaslikka chaqiradi.

"Hamma narsada ham oltin o‘rtalik muhim. Shunday yoshlar borki, o‘zlariga va qilayotgan ishlariga ortiqcha baho berib yuboradilar. Shunchaki, "Buncha ishonchni qayerdan olding, bolam?" deb o‘ylayman. Bozor tahlilini o‘tkazing. Qiymatingizni toping. Ba’zi birinchi darajali mutaxassislar arzimagan pul evaziga kuniga 300 ta loyiha qilishga tayyor, ba’zilari esa arzimagan ish uchun minglab dollar so‘rashadi. Ularni o‘qishga, tajriba orttirishga yuborgim keladi. Agar siz marketolog bo‘lib ishlayotgan bo‘lsangiz, lingvistik dasturlash, psixologiya, zamonaviy tendensiyalar va insonlarni tushunishingiz kerak. Men bu darslarning barchasidan o‘tgan qiz edim. Hozir esa tajriba va bilimga ega ayolga aylandim. Nimani niyat qilgan bo‘lsam, shunga erishdim. Ilgari men hamkasblarimdan ustozlik, ta’lim olishni kutardim. Lekin, ular buni tekinga qilishdan qo‘rqishardi. Xullas, kitoblarga, videolarga, tanishlarga murojaat qildim. Bu yo‘lni bosib o‘tganlardan klassik marketingni o‘rgandim. Endi men o‘z tajribamni jamoam bilan baham ko‘raman, hammani va har bir kishini alohida qo‘llab-quvvatlayman, hech qanday fishkani yashirmayman. O‘z rizqimni shusiz ham ishlab topaveraman," - deydi Aleksandra.


"Jeday Media" asoschisining mijozlar bilan ishlashda o‘ziga xos yondashuvi bor. Balki gap u mijozning "qalbiga qaraganida"dir. Uning ta’kidlashicha, ideal mijozlar mavjud. Ba’zilari agentlikning eng yaxshi do‘stlariga aylanadi:

"Boshidan bizni tanlagan mijozlar bor. Mana, 4 yildirki, bizga xizmat so‘rab murojaat qilishadi. Bizning professionalligimiz qadrlansa, qanchalik xursand bo‘lishimizni tasavvur ham qilolmaysiz. Uzoq muddatli hamkorlik esa eng yorqin ko‘rsatkichdir. Bunday kompaniyalar juda ko‘p. Masalan, RG-brands, Optima Glass, Barkas-Teks Group, MEDICOM, O‘zsuvta’minot, MED.ACTIVE... Bizning so‘zimiz doim bir joydan chiqqan," - deydi Aleksandra xursand bo‘lib.

Brendlar — bu o‘zgacha muhabbat. "Jeday Media" asoschisi: "Brend bo‘lsa — pul bo‘ladi. Brend yo‘q bo‘lsa pul ham yo‘q. Ha, bu Jeyson Stethamning soxta iqtiboslariga o‘xshaydi, lekin aslida ham shunday. Chunki mahsulot emas, uning falsafasi ishlaydi. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlarda muntazam yozaman," - deya kuladi marketing agentligi direktori.

"Jeday Media" odatiy marketing xizmatlari doirasidan tashqariga chiqadi. Aleksandra yangi texnologiyalarga sho‘ng‘ib, mijozlarga eng yaxshilarini taklif etadi. Zavoddagi uskunalarni avtomatlashtiradigan o‘zingizning sun’iy intellektingiz bo‘lishini xohlaysizmi? Ishlab chiqishadi. Sizning talablaringizga mos telegram chatbotimi? Yaratishadi.

"Shuningdek, biz hozirda to‘ldirilgan reallik bilan interaktiv katalog uchun video ishlab chiqish xizmatini joriy etmoqdamiz. Masalan, siz telefoningizni suratga qaratasiz va uch o‘lchamli tasvir paydo bo‘ladi. Mahsulotga har tomondan 360 gradusda qarashingiz mumkin, xoh u mebel yoki kiyim bo‘lsin. Aytgancha, faqat kataloglargina emas. Kitoblar, fotoalbomlar ham tayyorlaymiz (Garri Potter dam oladi). Tasavvur qiling, kelin-kuyov "jonlanib," sizga qo‘l silkitib salom berishsa, to‘y albomi qanday ko‘rinishda bo‘ladi," - deya ta‘kidlaydi Aleksandra.

"Jeday Media — bu butun bir davrmi?," - degan savol yangradi suhbatimiz davomida. Teran, o‘tkir nigoh. Bir daqiqalik sukut. Va qahramonimiz shunday dedi: "Mening maksimalizmim bilan - ha! Vatanimga foyda keltirishni istayman. Reklama va marketing sohasidagi umumiy savodxonlik darajasini oshirish. Asrlar davomida yashaydigan loyihalar va brendlarni ishlab chiqish! Va albatta, umid qilamanki, bizning ishtirokimiz unutilmaydi. Biz xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanamiz. Maqtanyapti, deb o‘ylamang (*kuladi). "Jeday Media"ning ijtimoiy hayotidan kichik misollar keltiraman: 1-iyun kuni bolalarga sovg‘alar tarqatildi... Novosibirsklik psixolog uchun bepul sayt yaratildi. Bir yigitda BSF bor. U ishlashni va mijozlarni topishni xohlardi. Men bunday odamlarga tekinga yordam berishga tayyorman. Chunki o‘z tajribamdan bilaman, bu yo‘lni bosib o‘tganman. Menga hech kim hatto chegirma bilan ham yordam bermagan. Masalaga qaytadigan bo‘lsak, hamma senga tenglashishni (Diyor Mirzaahmedovga o‘xshab) xohlashi bu butun bir davr. Hech kim qila olmaydigan ishni qila olsangiz va buni ko‘rsatsangiz. Kosmetologda sog‘lom teri, sartaroshda parvarishlangan soch, marketing agentligida esa siz taklif qilayotgan darajadagi sayt, bot, ijtimoiy tarmoqlar, strategiyalar, poligrafiya bo‘lishi kerak."

Aleksandra marketing strategiyalarini osongina ishlab chiqishiga qaramay... mijozlaringizni qanday topish, brend yaratish va jamoani muvaffaqiyatli boshqarishni bilsa ham, bugungi kungacha u marketing olamini o‘rganishda, rivojlanishda va bir joyda to‘xtab qolmaslikda davom etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ekspert o‘zini ishda zo‘rman deb hisoblasa ham, xotirjam bo‘lishi kerak emas. Agarki parallel ravishda bilimlaringizni oshirib borayotgan bo‘lsangizgina, siz qilayotgan ishingizdan zavq olib yashaysiz.

"Harakat qiling, tafakkuringizni kengaytiring. Agar siz haqiqatan ham biror narsani juda xohlasangiz, harakatni boshlashingiz kerak," - deydi "Jeday Media" asoschisi va direktori, hamda rangli qog‘ozdan qilingan applikatsiya kabi mahalliy va xorijiy brendlarni yig‘ishda davom etmoqda.