ANASTASIYA LI: Kann Sherlarining global kreativ sahnasida Markaziy Osiyo ovozi

21 мая, 2025

ANASTASIYA LI: Kann Sherlarining global kreativ sahnasida Markaziy Osiyo ovozi

Anastasiya Li, DBLA rahbari, "Cann Lions 2025" hakamlar hay’atining qisqa ro‘yxatiga kiritilgan birinchi o‘zbekistonlik ayol. U storitelling, sun’iy intellekt davridagi samimiylik va Markaziy Osiyoning ijodiy yuksalishi haqida o‘z fikrlari bilan ulashadi.

Muallif: Mod Larjo, AdForum, 2025-yil 20-may


Anastasiya Li — Toshkentda joylashgan DBLA gibrid prodakshn studiyasining bosh direktori va ijrochi prodyuseri. O‘n yilga yaqin vaqt ichida u DBLAni Markaziy Osiyoning eng e’tirof etilgan ijodiy studiyalaridan biriga aylantirdi, xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi, jumladan, O‘zbekiston tarixda birinchi marta Cannes Lions short-listiga kirdi.

Uning ishlari storitelling, madaniy dolzarblik va strategik fikrlashni birlashtiradi. Uning rahbarligida DBLA Epica, Red Jolbors va KIAF mukofotlariga sazovor bo‘ldi. 2024-yilda Anastasiya Spikes Asia hakamlar hay’ati a’zosi bo‘ldi va Toshkent reklama festivalining hakamlar hay’atiga boshchilik qildi.

2025-yilda u yana bir qadam oldinga tashlaydi — Cannes Lions festivalining Film Craft toifasida shortlist hakamlar hay’ati a’zosi bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik ayolga aylanadi.

Tabriklaymiz! Kann hakamlar hay’atida ishtirok etish siz uchun qanday ma’no kasb etadi va u boshqa ijodiy festivallardan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?

Kann texnik jihatdan ajralib turadi - hakamlar hay’ati uchun platforma g‘oyat ravon va chalg‘ituvchi omillarsiz ishlaydi. Sizni shunday yo‘naltiradiki, butun e’tiboringizni ishlarga qaratasiz. Na logistik tashvish, na aqliy g‘ala-g‘ovur - faqat sof baholash jarayoni. Nozik, ammo samarali qo‘llab-quvvatlash: sizga tazyiq o‘tkazmasdan, aniq fikrlashingizga ko‘maklashadi. Bularning barchasi iliq va samimiy muhit bilan uyg‘unlashib, 100 foiz samaradorlik bilan ishlashingizga yordam beradi.

Film Craft toifasidagi hakamlar hay’ati a’zosi sifatida sizni bu vazifada nima eng ko‘p ilhomlantiradi?

Birinchidan, butun dunyodagi eng sara asarlarni ko‘rib, baholash imkoniyati katta zavq bag‘ishlaydi. Bu yil soha qay darajada rivojlanganini aniq tasavvur qilish imkonini beradi. Ikkinchidan, bu g‘alati his-tuyg‘u: hozirgina Netflix’da sevimli serialingizni tomosha qildingiz, endi esa ularning ishiga baho beryapsiz. Uchinchidan, Markaziy Osiyoning ham bunga tayyor ekanligi ilhomlantiradi. Endi biz orqada qolmayapmiz - Kannda namoyish etishga arzigulik ishlar yaratmoqdamiz. Endi mahalliy fikrlashdan voz kechib, jahon maydoniga chiqish vaqti keldi.

Sun’iy intellekt ta’siri tobora kuchayib borayotgan bir davrda, yuksak mahoratni qanday aniqlaysiz?

Sun’iy intellekt shunchaki yana bir vosita bo‘lgan dunyoda, haqiqiy mahorat o‘zining asl mohiyatini saqlab qoladi — bu g‘oyaga butunlay berilib, qalbdan bajarilgan ishdir. Agar biror narsa trendlar, mukofotlar yoki "prosmotrlar" uchun — samimiyatsiz yaratilsa — bu seziladi. Bu esa san’at emas. Haqiqiy mahorat qalbdan chiqqan niyat jonli hissiyotlarni uyg‘otadigan joyda namoyon bo‘ladi.

Markaziy Osiyo hakamlar hay’atiga a’zo bo‘ldi. Mintaqaning kreativ muloqoti global yo‘nalishlarga qay darajada mos keladi va mahalliy qadriyatlar o‘ziga xos ovozni qanday shakllantiryapti?

Mintaqamiz tabiiy taqlid bosqichini bosib o‘tdi — tashqi dunyodan andoza olishga uringan edik. Endi esa yangi davr boshlanmoqda: o‘zligini yo‘qotmagan holda, integratsiya. Markaziy Osiyo yagona kuchli ovoz bilan gapira boshlamoqda, bunda har bir mamlakat o‘ziga xosligini saqlab qolmoqda. O‘z tiliga va tarixiga qiziqish ortib bormoqda — va shundan yangi muloqot, yangi uslub, yangi kreativ ovoz yuzaga kelmoqda. Jahon sahnasida eshitiladigan darajada dadil ovoz.

72-Kann sherlari festivali 2025-yilning 16-20 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi.