TDIU hamda O‘zbekiston Marketing uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

05 Апрель, 2024

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston Marketing uyushmasi vakillari uchrashdi. Undan koʻzlangan maqsad marketing sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, nazariya va amaliyot integratsiyasini yanada kuchaytirish, talabalarning maqsadli amaliyotini tashkil etishdan iborat.




Shuningdek, xalqaro darajada “TOP-300”ga kirgan OTMlar bilan xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida “Marketing” ta'lim yo‘nalishi va mutaxassisligi malaka talablari, o‘quv rejalari hamda fan sillabuslarini qayta tayyorlash, uyushma tarkibidagi korxonalarda kafedra professor-o‘qituvchilarining stajirovkalarini tashkil qilish kabi ishlarni amalga oshirish borasida kelishib olindi.




Marketing uyushmasi mutaxassislari bilan birgalikda master-klasslar tashkil etish, loyiha ishlarini olib borish, “Karyera kuni” tadbirlarida faol ishtirok etib, ilmiy tadqiqot ishlari bilan bog‘liq muammoli mavzular bankini shakllantirish va ushbu mavzular asosida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur uchrashuvda tomonlar marketing sohasini rivojlantirish borasida turli xil fikrlar almashib, kelgusida hamkorlik aloqalari uchun memorandum imzoladi.