Kun qahramoni — Lenur va Zenur Fettaevlar

25 Январь, 2024

“Kun qahramoni” rukni doirasida yangi qatnashchilar


Lenur va Zenur Fettaevlar — floristlar, “Anastasiya” gullar agentligining asoschilari va rahbarlari.


Aka-uka Lenur va Zenur — uchinchi avlod gulchilar. Ularning oilalarida gul yetishtirish va sotishni buvilari boshlab bergan, Zenur va Lenurning ota-onalari esa, bu ishni davom ettirgan. Shu tariqa, aka-ukalar bu kasb sirini bolalikdayoq anglab yetgan.

Lenur va Zenur Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samaarqand filialini yakunlab, dasturchi diplomiga ega bo‘lgan. Biroq, universitetdan keyin aka-uka o‘zlarini oilaviy ishni rivojlantirishga bag‘ishlashga qaror qildilar. 2008-yilda ular “Anastasiya” gullar agentligini ta'sis etdilar.


Lenur: “16 yil oldin, ishni endi boshlaganimizda, byudjetimiz atigi $300 edi. Biz qarzga yana $1000 oldik va birinchi do‘konimizni ochdik. Hozir 30 nafar xodimi bor anchayin katta kompaniyaga aylandik. Do‘konimiz kamida 5 barobarga kengaydi, kuniga sotiladigan atirgullarimiz soni esa 1 mingdan oshdi. Yana ikkita kichik savdo nuqtasini ochdik”.

Bugungi kunda brend nafaqat Samarqandda, balki undan tashqarida ham mashhur. Hozirda shaharda “Anastasiya”ning asosiy do‘koni va ikkita filiali ishlamoqda, ular yaqinda joylashgan shaharlar va viloyatlarga ham mahsulotlar yetkazib beradilar. Agentlik floristikaga, gulli kompozitsiyalar yaratish, bayramlarni bezashga ixtisoslashgan. Bundan tashqari, “Anastasiya”da xaridor har doim noyob suvenirlar va sovg‘alar topishi mumkin.

Zenur: “Menimcha, eng katta yutuqlarimizdan biri – bu biz 16 yillik faoliyatimiz davomida biror marta yopilmadik – hatto Yangi yilda ham tungi soat 11 gacha ishlaymiz. Karantin paytida biz asosiy do‘konimiz yonidagi supermarketda ijaraga joy oldik va o‘sha joyda ishlashni davom ettirdik”.


Lenur va Zenurning faoliyati — muvaffaqiyatli oilaviy tadbirkorlikning namunasidir. Aka-ukalar muntazam do‘konda servisni takomillashtirishga intiladilar, florist sifatida o‘z malakalarini oshirish ustida ishlaydilar.


Instagram