Qo'mitalar haqida

O‘ZBEKISTON MARKETING UYUSHMASI QO‘MITALARI TO‘G‘RISIDAGI

NIZOM

1. Umumiy qoidalar

1.1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, O‘zbekiston marketing uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) Nizomiga muvofiq ishlab chiqilgan.

1.2. Uyushma qo‘mitalari (keyingi o‘rinlarda – qo‘mitalar) Uyushmaning tuzilmaviy bo‘linmalari sanaladi.

1.3. Qo‘mitalar Uyushma Naizomida tasdiqlangan vazifalarni hal qilish uchun tuziladi va o‘z faoliyatlarining yo‘nalishlariga muvofiq, ekspert, tahlil, konsultativ, ilmiy-ma'rifiy va kommunikativ funksiyalarni bajaradilar.

1.4. Qo‘mitalar uzoq muddatli (1 yildan ziyod) vazifalarni hal qilish uchun Uyushma hamkorlarini birlashtiradi.

1.5. Qo‘mitalar vazifalari bozorga, davlat tashkilotlari va boshqa tuzilmalarga yetkazish maqsadida o‘z a'zolarining tarmoq mutaxassislari va ekspertlari sifatidagi jamlanma pozitsiyalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq.

2. Qo‘mitalarning tashkil etilishi va faoliyat yuritishi tartibi

2.1. Qo‘mitani tashkil qilish to‘g‘risidagi qarorni Uyushma Boshqaruvi qabul qiladi.

2.2. Qo‘mita tashkil etish tashabbusi tashabbuskor guruh – Uyushma boshqaruvi a'zosi yoki Uyushmaning kamida 5 nafar a'zosi o‘rtaga tashlaganda ko‘rib chiqiladi.

2.3. Qo‘mita, o‘z qaroriga ko‘ra, tarkibiga yangi a'zolarni qo‘shishi mumkin.

2.4. Uyushma hamkorlari qo‘mita a'zosi bo‘lishlari mumkin.

2.5. Uyushmada quyidagi qo‘mitalar tuziladi:

  1. Ta'lim va sertifikatsiya qo‘mitasi (marketing va va marketologlar sertifikatsiyasi sohasidagi ta'lim dasturlarini muhokama qilish va tasdiqlash, ta'limga aloqador kompaniyalar)
  2. Tadqiqotlar va ekspertlar qo‘mitasi (marketing sohasidagi ilmiy va tadqiqot faoliyatini muhokama qilish, ilmiy va tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar va ekspertlar)
  3. Marketing xizmatlarini rivojlantirish qo‘mitasi (O‘zbekiston marketing xizmatlari bozorini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish, marketing sohasidagi konsalting, tadqiqot, media va ishlab chiqarish xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar)
  4. Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi (xorijdagi profil tashkilotlar, tadbirlar va ekspertlarni izlash va ular bilan aloqani o‘rnatish va mustahkamlash)
  5. Davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qo‘mitasi (murojaat, manfaatlar himoyasi, qo‘shma loyihalar, qonunchilik takliflarini kiritish)
  6. Tadbirlar qo‘mitasi (Uyushma tadbirlari konsepsiyasini muhokama qilish va u bo‘yicha takliflar kiritish, hamkorlik tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash)
  7. Tanlovlar va reytinglar qo‘mitasi (tarmoq tanlovlari, mukofotlari va reytinglarini rivojlantirishni muhokama qilish)

3. Qo‘mita a'zolari huquqlari va majburiyatlari

3.1. Qo‘mita a'zosi quyidagi huquqlarga ega:

- qo‘mitaga muhokama qilinayotgan masala bo‘yicha qaror loyihasini taklif etish;

- qo‘mita ko‘rib chiqishi uchun masalalarni kiritish;

- muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish.

3.2. Qo‘mita a'zosining majburiyati:

- qo‘mita ishida qatnashish

3.3. Qo‘mita a'zolari masalalar muhokama qilinayotganda teng huquqqa ega bo‘ladilar.

4. Qo‘mita raisi

4.1. Qo‘mita raisi qo‘mita a'zolari ichidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan saylanadi.

4.2. Qo‘mita raisi vakolatiga qo‘mitaning o‘z faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini tashkil etish kiradi.

4.3. Qo‘mita raisi:

- qo‘mita faoliyatini uning maqsadlari va vazifalariga muvofiq tashkil qiladi;

- tasdiqlangan ishlar rejasi doirasida qo‘mita a'zolari uchun vazifalar belgilaydi, vazifalarni bajarish muddatlarini belgilaydi, bajarilishini nazorat qiladi;

- qo‘mita faoliyati natijalari yuzasidan Uyushma Boshqaruvi oldida hisobot beradi;

- ish rejasiga muvofiq, Uyushma saytida qo‘mita faoliyatining yoritilishini ta'minlaydi.

4.4. Qo‘mita raisining vakolati tugashi quyidagi holatlarda amalga oshishi mumkin:

- qo‘mita raisining o‘zining arizasiga ko‘ra;

- Boshqaruv, boshqaruv raisining qaroriga ko‘ra;

- a'zolarining ko‘pchilik ovozi asosidagi qo‘mita qaroriga ko‘ra.