Boshqaruv haqida
O‘zbekiston marketing uyushmasi Boshqaruvi to‘g‘risidagi
N I Z O M
Ushbu Nizom O‘zbekiston marketing uyushmasi (keyingi o‘rinlarda – Uyushma) Boshqaruvining maqomi, funksiyasi va vakolatlarini, uning a'zolari saylanishi va vakolatlari bekor qilinishi tartibini, shuningdek Uyushmaning boshqa tuzilmaviy bo‘linmalari bilan o‘zaro aloqasi tartibini belgilaydi.
- Umumiy qoidalar
1.1. Uyushma boshqaruvi Uyushmaning doimiy faoliyat yurituvchi kollegial ijro organi sanaladi va 7 (yetti) nafar Uyushma qo‘mitalari raislaridan iborat bo‘ladi. Uyushma Boshqaruvining har bir a'zosi bitta ovozga ega.
1.2. Uyushma boshqaruvi Uyushma hamkorlarining Umumiy yig‘ilishi (keyingi o‘rinlarda – Umumiy yig‘ilish) oldida hisobdor sanaladi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga, Uyushma Nizomiga, Umumiy yig‘ilish qarorlari va o‘z qarorlariga amal qiladi.
1.3. Uyushma Boshqaruvining barcha masalalar bo‘yicha qarorlari yig‘ilishda qatnashayotgan Uyushma Boshqaruvi a'zolari umumiy sonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng kelganda, Uyushma Boshqaruvi Raisining ovozi hal qiluvchi kuchga ega bo‘ladi.
1.4. Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishida Uyushma Boshqaruvi a'zolarining yarmidan ko‘pi qatnashsa, yig‘ilish qonuniy kuchga ega deb hisoblanadi.
- Uyushma Boshqaruvi vakolatlari
2.1. Uyushma Boshqaruvi vakolatlariga quyidagi masalalarni hal qilish kiradi:
1) istiqboldagi va yillik faoliyat rejalarini, Uyushma dasturini, ularning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni ishlab chiqish va tayyorlash;
2) Uyushma faoliyatini tashkil qilish va Uyushma Boshqaruvi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish;
3) Uyushma mol-mulkini tasarruf etish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
4) Uyushmaning moliyaviy rejasini tasdiqlash va unga o‘zgartirishlar kiritish;
5) Boshqaruv raisi bilan mehnat shartnomasi shartlarini tasdiqlash;
6) Raisning hisobotlarini tinglash va tasdiqlash;
7) Uyushmaning bosma va boshqa axborot organlarini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilish.
- Uyushma Boshqaruvi tarkibini shakllantirish
3.1. Uyushma Boshqaruvi Uyushma qo‘mitalari Raislaridan tashkil topadi.
3.2. Uyushma Boshqaruvi a'zosining vakolat muddati u qo‘mita raisi etib saylangan sanadan boshlab bir yilni tashkil qiladi.
- Uyushma Boshqaruvi a'zolarining huquqlari va majburiyatlari
4.1. Uyushma Boshqaruvi a'zosi quyidagi huquqlarga ega:
4.1.1. Boshqaruv yig‘ilishlarida qatnashish;
4.1.2. Uyushma dasturlari va chora-tadbirlarini tasdiqlash;
4.1.2. Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishiga olib chiqilgan tashkiliy masalalar muhokamasida qatnashish;
4.1.3. Uyushma boshqaruvi yig‘ilishi kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ovoz berishda qatnashish;
4.1.4. Uyushma boshqaruvi organlaridan ular faoliyatiga taalluqli har qanday axborotni so‘rash va olish.
4.2. Uyushma Boshqaruvi a'zosining majburiyatlari:
4.2.1. Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishlarida shaxsan qatnashish;
4.2.2. Uyushma Boshqaruvi qarorlarini bajarish.
4.3. Boshqaruv a'zolari Uyushma faoliyatini rejalashtirish va boshqarish yuzasidan Uyushma hamkorlari oldida javobgardir.
- Uyushma Boshqaruvi a'zosining vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish
5.1. Quyidagilarga ko‘ra Uyushma Boshqaruvi a'zosining vakolati muddatidan oldin bekor qilinadi:
5.1.1. Boshqaruv Raisining qaroriga ko‘ra;
5.1.2. Uyushma Boshqaruvi a'zosining o‘z arizasiga ko‘ra.
5.2. Uyushma Boshqaruvi a'zosining vakolatlari Uyushma Boshqaruvi qarori bilan quyidagi asoslarga ko‘ra to‘xtatib turilishi mumkin:
5.2.1. Uyushma Boshqaruvi a'zosi tomonidan Nizom talablarining buzilishi, Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishlarida qatnashishdan tizimli ravishda bo‘yin tovlash va axloq me'yorlariga rioya etmaslik oqibatida, shuningdek Uyushma ichki hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra.
5.2.2. Uyushma Boshqaruvi a'zolaridan birortasi tomonidan, Uyushma Boshqaruvi vakolatlari muddati tugaguniga qadar, o‘z majburiyatlarini ado etish imkonidan mahrum bo‘lganda (uzoq muddatli, olti oydan ziyod kasallik va sh.k.).
5.3. Uyushma Boshqaruvining Boshqaruv a'zosi vakolatlarini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori yig‘ilishda mavjud Uyushma Boshqaruvi a'zolarining sonidan 2/3 qismini tashkil qiluvchi malakali ko‘pchilik bilan qabul qilinadi.
5.4. Uyushma Boshqaruvi a'zosi o‘zining vakolatlari to‘xtatib turilishi masalasi ko‘riladigan navbatdagi Boshqaruv yig‘ilishi haqida yozma xabardor qilinishi lozim.
5.5. Vakolatlari to‘xtatib turilgan Uyushma Boshqaruvi a'zosi Uyushma Boshqaruvining qarorlari qabul qilinishida ovoz berishda qatnashish huquqiga ega bo‘lmaydi.
5.6. Uyushma Boshqaruvi a'zosi o‘z xohishiga ko‘ra o‘z vakolatlarining muddatidan oldin bekor qilinishi to‘g‘risida ariza berishi mumkin.
- Uyushma Boshqaruvini chaqirish tartibi
6.1. Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishi zaruratga ko‘ra, lekin bir kalendar yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
6.2. Boshqaruv yig‘ilishi Uyushma Boshqaruvi raisi tomonidan uning o‘z tashabbusiga ko‘ra, Uyushma Boshqaruvining kamida 2 nafar a'zosining talabiga ko‘ra chaqiriladi.
6.3. Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishi Rais tomonidan, yuqorida ko‘rsatilgan shaxslardan tegishli yozma talabnoma olingan sanadan 5 kalendar kundan kechiktirmay chaqiriladi, bu talabnomada Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishida muhokama qilish taklif etilayotgan masalalar ifodalangan va ularning muhokamaga qo‘yilishi sabablari keltirilgan bo‘lishi lozim.
6.4. Boshqaruv a'zolari Uyushma Boshqaruvi Raisi tomonidan Boshqaruv yig‘ilishi o‘tkazilishi joyi, sanasi, vaqti hamda yig‘ilishning boshlang‘ich kun tartibi haqida chaqirilayotgan Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishining o‘tkazilishi sanasidan kamida 2 kalendar kun oldin xabardor qilinadi.
6.5. Boshqaruv yig‘ilishida qatnashish imkoniga ega bo‘lmagan Boshqaruv a'zosi o‘zi ishtirok etmasligi to‘g‘risida Uyushma Prezidentini oldindan xabardor qilishi lozim.
6.6. Boshqaruv yig‘ilishida saylangan Uyushma Boshqaruvi a'zolarining yarmidan ko‘pi qatnashishi yig‘ilish o‘tkazish kvorumi deb sanaladi.
6.7. Boshqaruv yig‘ilishi Uyushma Boshqaruvi a'zolarining birgalikda mavjudligi shaklida o‘tkaziladi, shuningdek Boshqaruv yoki Uyushma Boshqaruvi raisining qaroriga ko‘ra, yig‘ilishlarni boshqa shakllarda o‘tkazish ham mumkin.
- Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishlarini o‘tkazish tartibi
7.1. Umumiy qoidaga ko‘ra, Uyushma Boshqaruvi Raisi Boshqaruv yig‘ilishida raislik qiladi. Uyushma Boshqaruvi Raisi yig‘ilishda mavjud bo‘lmaganda, Uyushma hamkorlaridan biri Raislik qiluvchi etib saylanadi.
7.2. Raislik qiluvchi Boshqaruv yig‘ilishini ochadi va yuritadi, yig‘ilish ishtirokchilariga so‘z beradi, kun tartibi bo‘yicha chiqishlar tartibi va ketma-ketligini ta'minlaydi, kun tartibidagi masalalar bo‘yicha chiqishlar va muhokamalar uchun vaqt reglamentini taqdim etadi va chiqishlar (muhokamalar)ning belgilangan reglamentiga rioya etilishini nazorat qiladi, masalalarni ovozga qo‘yishni amalga oshiradi, Boshqaruv yig‘ilishlari bayonnomasini imzolaydi.
7.3. Yig‘ilishni yuritish uchun Boshqaruv yig‘ilishi kotibi saylanadi. Kotib raislik qiluvchiga yig‘ilish o‘tkazish uchun kvorum mavjudligi yoki mavjud emasligi haqida axborot beradi, Boshqaruv yig‘ilishi borishini qayd etadi, ovoz berishda ovozlar hisobini yuritadi, Boshqaruv yig‘ilishi bayonnomasini tayyorlaydi va imzolaydi.
- Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishlarining bayonnomalari
8.1. Boshqaruv yechimlari Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani yuritish Uyushma Boshqaruvi tomonidan saylanadigan Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishining kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
8.2. Uyushma Boshqaruvi yig‘ilishi bayonnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
- yig‘ilish o‘tkazilishi joyi va vaqti;
- yig‘ilishda qatnashayotgan shaxslar;
- yig‘ilish kun tartibi;
- ovozga qo‘yilgan masalalar va ular bo‘yicha ovoz berish yakunlari;
- qabul qilingan qarorlar.
8.3. Boshqaruv yig‘ilishlari bayonnomalari ijro uchun Uyushma Boshqaruvi Raisiga beriladi, u bayonnomalarning but saqlanishini ta'minlashi lozim.