- Bosh sahifa
- Yangiliklar
- Uyushma yangiliklari
- SQB ва Huawei сунъий интеллект соҳасида стратегик ҳамкорликни кенгайтиради
28.07.2026
SQB ва Huawei сунъий интеллект соҳасида стратегик ҳамкорликни кенгайтиради
"O‘zsanoatqurilishbank" (SQB) va Huawei kompaniyasi sun'iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda bank infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat tomonlar o‘rtasida innovatsion yechimlarni joriy etish va raqamli rivojlanish bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat va moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish hamda AI texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng tatbiq etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda bank tizimida innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, raqamli infratuzilmani takomillashtirish va mijozlarga yangi xizmatlarni taklif etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Memorandum doirasida intellektual moliyaviy yechimlarni ishlab chiqish, yuqori samarali hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish, bank jarayonlari samaradorligini oshirish hamda mijozlarga yangi raqamli xizmatlarni taklif etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, tomonlar bank sohasida xalqaro tajribani o‘rganish va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish masalalarini muhokama qildi. Huawei mutaxassislari Xitoy moliya sektorida amalga oshirilgan amaliy loyihalar va ularning natijalarini taqdim etdi.
— SQB bilan tarmoq infratuzilmasi bo‘yicha qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirganmiz, — deydi Huawei Uzbekistan kompaniyasi direktori Tan Syaosyan. — Bugun bank raqamli rivojlanish, mijozlar tajribasini yanada yaxshilash, operatsion samaradorlikni oshirish hamda intellektual yechimlarni keng qo‘llash bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu Huawei'ning AI imkoniyatlari orqali mijozlar uchun yangi qiymat yaratish strategiyasiga to‘liq mos keladi. Shu bois hamkorlikni kengaytirish va mamlakatga ilg‘or texnologiyalarni olib kirish maqsadida SQB bilan memorandum imzolaganimizdan mamnunmiz.
"O‘zsanoatqurilishbank" ATB Sun'iy intellekt bo‘yicha bosh direktori Sergey Kozlovning ta'kidlashicha, mazkur kelishuv bankning texnologik rivojlanish strategiyasida muhim ahamiyatga ega.
— Huawei axborot texnologiyalari, apparat ta'minoti va AI sohasida katta tajribaga ega xalqaro kompaniyadir. Ushbu hamkorlik bankka ilg‘or texnologiyalar va ekspert bilimlarini jalb qilish, raqamli rivojlanishni jadallashtirish hamda intellektual mahsulotlarni yaratish uchun keng imkoniyat ochadi. Shu bilan birga, u mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda yangi istiqbollarni ro‘yobga chiqarish uchun ishonchli asos bo‘ladi.
Ma'lumot uchun: Huawei moliya sohasi uchun texnologiyalar ishlab chiqish bo‘yicha 16 yillik tajribaga ega bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 80 ta mamlakatidagi 7 100 dan ortiq moliyaviy tashkilot bilan hamkorlik qiladi. Imzolangan memorandum mazkur xalqaro tajribani SQB faoliyatiga tatbiq etish, innovatsion yechimlarni joriy qilish hamda AI asosidagi yangi avlod bank xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ulashish