«Tashkent Digital Marketing Forum 2023»
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston marketing uyushmasi bilan birgalikda, raqobatni rivojlantirish, bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng imkoniyatlarni taqdim etish va tadbirkorlarning biznesni rivojlantirishga yordam beruvchi samarali vositalar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish maqsadida, 2023-yil 19-20-martda Toshkentda birinchi xalqaro «Tashkent Digital Marketing Forum 2023» forumini o‘tkazadilar.
«Tashkent Digital Marketing Forum 2023» vazfialari quyidagilar: O‘zbekiston tadbirkorlarining yetakchi xalqaro ekspertlar, brendlar bilan tanishishi hamda digital-marketing sohasida dolzarb axborot almashishi uchun imkoniyatlar yaratish. Ishtirokchilar jahondagi tendensiyalar, biznes-jarayonlar va sotuvlarni optimallashtirish imkonini beruvchi samarali raqamli yechimlar va mahsulotlar bilan tanishadilar.
Forum dasturida:
- Ikki kunli xalqaro digital-konferensiya
- «Digital Marketing Awards» – brendlar, blogerlar va inflyuenserlarni taqdirlash
Forum tashkilotchilari – 6 yildan buyon har yilgi «Yil brendi» mukofoti, «MAKON Marketing Forum», TAF! Toshkent reklama festivali, Brendlar marketing reytingi va Marketing xizmatlari ko‘rsatuvchi agentliklar reestrini uyushtirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va O‘zbekiston marketing uyushmasi sizlarni ushbu forum o‘tkazilishida faol qatnashishga taklif etadi.