Amin Toys brendi uchun qadoq dizayni
Amin Toys — O‘zbekistonda yuqori sifatli o‘yinchoqlar ishlab chiqarishga qaratilgan mahalliy yetakchi kompaniyalardan biri. Xalqaro brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bu kompaniya mamlakatning turli shaharlarida o‘z do‘konlariga ega.
Muammo, vazifa
Mahsulot savdosida qadoq katta ahamiyatga ega. Amin Toys brendining harbiy o‘yinchoqlari avval alohida-alohida, to‘rli qadoqda sotilardi. Bu mahsulotning sifati va narxiga nisbatan arzon qarashni shakllantirardi, shu bois u sovg‘a sifatida sotib olinmasdi.
Yechim
Biz harbiy o‘yinchoqlar sotuvini oshirish uchun yangicha yechim taklif qildik: tank, xammer va vertolyot o‘yinchog‘ini bir qadoqqa joylashtirib, ularni sovg‘a sifatida taqdim etish mumkin bo‘lgan premium mahsulot ekanini ko‘rsatib berdik. Jarayonning yana bir muhim qismi 3D modellashtirish edi. Modellarni o‘yinchoqlarning haqiqiy ko‘rinishiga iloji boricha yaqinroq qilish katta ahamiyatga ega — chunki xaridorlar har doim qadoq ustida tasvirlangan narsani olishni kutishadi va agar haqiqiy mahsulot boshqacharoq, sifati pastroq bo‘lsa, bu brend va do‘konga nisbatan juda ko‘p salbiy fikrlarni keltirib chiqaradi, bu esa obro‘ yo‘qolishiga va ortidan moliyaviy yo‘qotishlarga olib keladi. Shu bois mahsulotlar real ko‘rinishda qanday bo‘lsa, shundayligicha modellashtirdik. Shu bilan birga, o‘yinchoqlarning haqiqiy ko‘rinishini aks ettiradigan noyob rasmlar va bitta qisqa 3D formatdagi rolik ishlab chiqdik. Original illyustratsiyalarni yaratish uchun o‘yin va filmlarda aks etgan harbiy mavzudagi bir nechta harakat sahnalarini tahlil qildik.
Natija
Natijada bu o‘yinchoqlar InBazar bozorida, Havas diskaunterlar tarmog‘ida, Uzum va ZoodMall onlayn-do‘konlarida sotuvga qo‘yildi. Tez orada mahsulot Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni, BAA (Dubay)ga eksport qilina boshladi. Yangicha to‘plam xalq tomonidan ijobiy qabul qilinib, uning savdosi avvalgi holatga nisbatan 130% ga oshdi.